
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 23 iyuldagi qarori asosida 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda avtotransport vositalari egalarining majburiy fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash (OSAGO) bo‘yicha yangi tariflar kuchga kirdi. Mazkur o‘zgarishlarga muvofiq, OSAGO sug‘urta polisining qiymati o‘rtacha to‘rt barobarga oshirildi, sug‘urta qoplamasi esa ikki barobarga kengaytirildi. Ushbu chora-tadbirlar sug‘urta bozorining moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda yo‘l-transport hodisalari oqibatida jabrlangan shaxslarning manfaatlarini yanada ishonchli himoyalashga qaratilgan.
Yangi tariflarga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtomobillar uchun haydovchilar soni cheklangan OSAGO polisi 192 ming so‘m, haydovchilar soni cheklanmagan, ya’ni VIP turdagi polis esa 384 ming so‘m etib belgilandi. Respublikaning boshqa hududlarida ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 160 ming va 320 ming so‘mni tashkil etadi. Yuk avtomobillari uchun, jumladan, “Labo” rusumli transport vositalari bo‘yicha Toshkent shahrida sug‘urta polisi qiymati polis turiga qarab 336 ming so‘mdan 672 ming so‘mgacha etadi. MDH davlatlaridan O‘zbekistonga kirib kelayotgan avtotransport vositalari uchun ham alohida tariflar joriy etilib, yengil avtomobillar uchun 320 mingdan 640 ming so‘mgacha, yuk avtomobillari uchun esa 560 mingdan 1 million 120 ming so‘mgacha etib belgilandi.
Tariflarning oshirilishiga sug‘urta kompaniyalari faoliyatida kuzatilgan yuqori zarar ko‘rsatkichlari sabab bo‘ldi. Xususan, Toshkent shahrida OSAGO bo‘yicha zarar darajasi 146 foizga yetib, yig‘ilgan sug‘urta mukofotlaridan ko‘ra to‘lovlar hajmi sezilarli darajada oshgan. Bundan tashqari, amalda bo‘lgan sug‘urta limitlari real yo‘l-transport hodisalari oqibatlarini qoplash uchun yetarli emasligi, 14 million so‘mlik ta’mirlash limiti ko‘plab holatlarda avtomobil egalarini qo‘shimcha xarajatlar bilan yuzma-yuz qoldirayotgani aniqlangan.
2026 yildan boshlab OSAGO bo‘yicha umumiy sug‘urta qoplami 40 million so‘mdan 80 million so‘mga oshirildi. Mazkur mablag‘larning 35 foizi uchinchi shaxslarning mulkiga yetkazilgan zararni qoplashga, 65 foizi esa sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun yo‘naltiriladi. Ushbu o‘zgarishlar jabrlangan tomonlarning huquqlarini yanada kengroq himoya qilish imkonini bersa-da, mutaxassislar qimmat avtomobillar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari holatida ixtiyoriy KASKO sug‘urtasining ahamiyati hanuz yuqori ekanini ta’kidlashmoqda.
2025 yil 31 dekabrga qadar OSAGO polisini rasmiylashtirgan avtotransport egalari 2026 yil davomida eski tariflar asosida harakatlanish huquqiga ega bo‘lib, sug‘urta qoplamasi pastroq bo‘lishiga qaramay, o‘rtacha 150 ming so‘mgacha mablag‘ni tejash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur yangi tariflar belgilangan tartibda amaliyotga joriy etildi.
Xakimjon Nishonov,
“HAMKOR SUG‘URTA” AJ
Marketing va reklamani rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i